Videodan lavha
DXX tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlar davomida amaldagi davlat tuzumini oʻzgartirishni daʼvat etuvchi materiallarni targʻib qilgan shaxs qoʻlga olindi. Bu haqda OʻzA xabar berdi.
Qayd etilishicha, 23 yoshli Jizzax viloyatida tugʻilgan yigitning ijtimoiy tarmoqlar orqali “Tavhid va jihod katibasi”, “Turkiston islom harakati” kabi terroristik tashkilotlar tarafdorlari taʼsiriga tushib qolgani aniqlangan.
Maʼlum boʻlishicha, u virtual muloqotlarda Suriyadagi vaziyat, “jihod” qilish, u yerga borish yoʻl-yoʻriqlari va xarajatlari boʻyicha fikrlar almashgan.
Shuningdek, Telegramʻda kanal ochib, Oʻzbekistonning amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda oʻzgartirishga daʼvat etuvchi hamda aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan materiallarni targʻib qilish bilan shugʻullangan.
Ushbu holat JIB Paxtakor tuman sudida koʻrib chiqilib, nisbatan JKning 159 (O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz) va 244-1-moddalari (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan aybdor deb topildi. Unga nisbatan 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling