Foto: EL MIRA
Ispaniya politsiyasi bojxona organlari va jinoyatga qarshi kurash agentligi xodimlari bilan birgalikda oʻtkazilgan operatsiya davomida Kadis koʻrfazida bortida 4 tonnadan ortiq gashish boʻlgan Britaniya yelkanli kemasini qoʻlga oldi. Bu haqda Ispaniya Milliy politsiya sayti xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, mazkur kema Marokashning gʻarbiy qirgʻoqlari tomon yoʻl olgan, biroq Gibraltar boʻgʻozidagi noqulay ob-havo sharoiti tufayli Ispaniya suvlariga qaytishga majbur boʻlgan.
Maʼlumotlarga koʻra, avvalroq Britaniya rasmiylari tomonidan Ispaniyadagi huquq-tartibot idoralariga shubhali yelkanli kema haqida ogohlantirish berilgan edi.
Olib borilgan tekshiruvlar davomida kemaga ortilgan narkotik moddalar keyinchalik Janubiy Amerikaga joʻnatish uchun Marokashga yetkazilishi kerak boʻlgani aniqlangan.
Yelkanli kema Kadis shahridagi yaxtalar turadigan joyda topilganidan keyin kuzatib borilgan. Kema boʻrondan panoh topish uchun Ispaniya suvlariga qaytganida, unga bojxona patrul kemasi yaqinlashgan.
Bojxonachilar kema bortida koʻp sonli qoplarni topgach kema Kadis portiga olib ketilgan. U yerda tintuv chogʻida 130 dona oʻram ichida 4,4 tonnaga yaqin gashish smolasi bor edi.
Xabarga koʻra, ikki ekipaj aʼzosi hibsga olindi, biroq tergov hali ham davom etmoqda, yana hibsga olishlar boʻlishi mumkin.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling