Foto: Toshkent viloyati hokimligi
Toshkent viloyati “Paprkent tumanida bir necha yillik daraxtlar kesib tashlanayotgani aytilgan xabar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan Toshkent viloyati hokimligi munosabat bildirdi.
Mazkur holat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat boʻyicha inspeksiya hamda Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi masʼullari bilan hamkorlikda joyiga chiqib oʻrganilgan.
Parkent tumani Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan Davlat xizmatlari agentligiga 2022-yil 25-oktyabr kuni yoʻllangan arizada quriyotgan yoki qurib qolgan 6 tup yovvoyi olma, 16 tup terak, 12 tup Zarafshon archasi, 25 tup past boʻyli qayrogʻoch, 8 tup shumtol, 6 tup zarang bargli chinor daraxtlarini kesishga ruxsat soʻralgan.
“Biroq, Krasnogorsk qoʻrgʻoni hududidagi ”Oydin“, ”Toybuloq“, “Said ota”, “Fayzobod” mahallasi hududlari koʻzdan kechirilganda jami 57 tup koʻp yillik sogʻlom daraxtlar tag qismidan noqonuniy kesilganligi aniqlandi", — deyiladi xabarda.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan oʻrganish ishlari davom etmoqda va natijalari boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot beriladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling