Bir qator xo‘jalik yurituvchi subyektlarning eksklyuziv huquqlari bekor qilinadi

Prezidentning “Iqtisodiyotda raqobatni rivojlantirish va xususiy sektorning rolini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi

Prezidentning “Iqtisodiyotda raqobatni rivojlantirish va xususiy sektorning rolini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Farmonga ko‘ra, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar bir yoki bir nechta xo‘jalik yurituvchi subyektlar va davlat tashkilotlariga muayyan tovarlarni ishlab chiqarish (xizmatlar ko‘rsatish, ishlarni bajarish) yoki sotish yoxud sotib olish, shuningdek, yagona operatorlik xizmatlarini ko‘rsatish uchun quyidagilar asosida taqdim etilgan mutlaq huquq eksklyuziv huquq sifatida eʼtirof etiladi:

  • qonunchilik hujjatlari bilan istisno tariqasida berilgan ruxsat (huquq);
  • umumiy tartibdan tashqari ravishda berilgan yakka tartibdagi litsenziya (ruxsatnoma).

Bunda tanlov (tender) asosida taqdim etilgan litsenziyalar (ruxsatnomalar) eksklyuziv huquq sifatida eʼtirof etilmaydi.

2025 yil 1 apreldan eksklyuziv huquq xo‘jalik yurituvchi subyektlarga qonunlar va Prezident farmon va qarorlari bilan 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga faqat quyidagi maqsadlar uchun beriladi:

  • konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, O‘zbekiston mudofaa qobiliyatini, davlat va jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini taʼminlash;
  • tabiiy ofatlar, halokatlar va epidemiyalarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish.

Farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-apreldan quyidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha eksklyuziv huquqlari bekor qilinadi:

  • “O‘zbekekspertiza” AJ va uning hududiy bo‘linmalarining xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkka sertifikat berish bo‘yicha;
  • “O‘zInjiniring” loyiha institutining investitsiya loyihalarining loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha;
  • “Milliy PR-markazi” DUKning O‘zbekiston turizm salohiyatini targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan xorijiy kompaniyalarning prodyuserlik va reklama xizmatlarini, xorijiy teleradiokompaniyalar va boshqa ommaviy axborot vositalarining reklamalari, reportajlari va boshqa roliklarini tayyorlash va translyatsiya qilish bo‘yicha;
  • “Sag agro MTP” MCHJning yong‘oq ishlab chiqaruvchilarga agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha mexanizatsiya xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha;
  • “O‘zbekiston standartlar instituti” davlat muassasasining milliy standartlarni shartnoma asosida boshqa tillarga tarjima qilish bo‘yicha.

“Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” DUKning turoperator, joylashtirish vositalari, tog‘ chang‘isi trassalari va plyajlar xizmatlarini sertifikatlashtirish, ularga toifa berish, shuningdek, sertifikatlashtirilgan xizmatlarining standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi ustidan inspeksiya nazoratini o‘tkazish vazifasi Turizm qo‘mitasiga o‘tkaziladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling