Rossiyada ayollarni ham muddatli harbiy xizmatga chaqirish taklif qilindi

Ayollar uchun armiyadagi xizmat ixtiyoriy tarzda amalga oshirilishi kerakligi ta'kidlandi

Foto: Kun.uz<br>

Foto: Kun.uz

Rossiya Davlat dumasi deputati Aleksey Chepa rossiyalik ayollar muddatli harbiy xizmatga chaqirilishi kerakligini aytdi. Bu haqda "Lenta" xabar bermoqda.

"Adolatli Rossiya — vatanparvarlar — Haqiqat uchun" partiyasi deputati Aleksey Chepa o'zining "Ura.ru" nashriga bergan intervyusida "Muddatli harbiy xizmatni o'tash uchun armiyaga chaqirilish rossiyalik ayollarga nisbatan ham amal qilishi kerak", — deya ta'kidlagan.

Shuningdek, uning ta'kidlashicha ayollar uchun armiyadagi xizmat faqat ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishi kerak. Shu bilan birga, deputat muddatli harbiy xizmatni o'tagan ayollar yanada hurmat va e'tirofga sazovor bo'lishini ta'kidlagan.

Deputatning aniqlik kiritishicha, armiyada bir yil xizmat o‘tash harbiylarga ham, Mudofaa vazirligiga ham kam foyda keltiradi, chunki bunday muddatda odamni harbiy mutaxassislikka o‘rgatish qiyin.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling