Foto: Twitter
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida boʻlib oʻtayotgan majlisda “Tibbiyot xodimining faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi koʻrib chiqildi.
Majlisda keltirilgan statistik maʼlumotlarga koʻra, 2019-2022-yillarda respublikada 285 dan ortiq holatda tibbiyot xodimlariga nisbatan turli shakldagi tajovuzlar qilingan.
Muhokama qilingan mazkur hujjat loyihada quyidagilar nazarda tutilmoqda:
- “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi qonun yangi modda bilan toʻldirilib, unda “tibbiy faoliyat”, “tibbiy xizmat” va “tibbiy yordam” tushunchalarini ochib berishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
- Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks alohida 197-7-modda bilan tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga toʻsqinlik qilish bilan bogʻliq holatlarda javobgarlikni, mazkur ishning taalluqliligi va uni koʻrib chiqish muddatlarini belgilash nazarda tutilmoqda.
- Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga turli shaklda qonunga xilof ravishda taʼsir oʻtkazish fuqarolarga BHMning 5 (1,5 mln so'm) baravaridan 7 (2,1 mln so'm) baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 7 baravaridan 10 (3 mln so'm) baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosi qoʻllanilishi belgilab qoʻyilmoqda.
Deputatlarning taʼkidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi tibbiyot xodimlari huquqlarini himoya qilish va ularning kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Majlisda deputatlar qonun loyihasini birinchi oʻqishda qabul qilidilar.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling