To‘raqo'rg'on issiqlik elektr stansiyasi favqulodda to'xtatildi

Ayrim hududlarda elektr ta'minotlarida uzilish kuzatilishi mumkin

Foto: Kun.uz<br>

Foto: Kun.uz

To'raqo'rg'on issiqlik elektr stansiyasining ishi majburiy favqulodda to'xtatildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma'lum bo'lishicha, Namangan viloyatidagi "O'ztransgaz" AJga qarashli magistral gaz quvuri o‘tgan yer maydonida noma'lum shaxslar tomonidan kelishmasdan yerni qazish ishlari olib borilgani natijasida gaz quvuriga shikast yetkazgan.

Ushbu gaz quvuri To'raqo'rg'on IESni yoqilg'i bilan ta'minlaydi. Mazkur gaz quvuriga yetkazilgan shikast natijasida To'raqo'rg'on issiqlik elektr stansiyasi favqulodda to‘xtatildi.

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda nosozliklarni bartaraf etish, shuningdek, elektr ta'minoti uchun zaxira quvvatlarini ishga tushirish bo‘yicha barcha choralar ko'rilmoqda.

Boshqa elektr stansiyalarida zaxira energobloklarini ulash bo'yicha ishlarni bajarish uchun ma’lum vaqt zarurligini inobatga olgan holda, ayrim hududlarda elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkin.

Vazirlik mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilayotganini aytib, vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so'ragan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling