Farg'onada mahbusni 10 ming dollar evaziga qamoqdan chiqarib berishni va'da qilgan shaxslar ushlandi — video

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ushbu shaxslarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan

Videodan lavha

Videodan lavha

Farg‘onada qamoqqa olingan shaxsni pul evaziga chiqarib berishni va’da qilganlar qo‘lga olindi. Bu haqda «Vaziyat 24» dasturida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, muqaddam sudlangan ikki nafar shaxs oldindan til biriktirib, fuqaroning tergov organi tomonidan ayblanib, qamoqqa olingan tanishini huquqni muhofaza qilish organlarida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali chiqarib berishni va’da qilgan. Ular jinoyat ishini ijobiy hal qilish evaziga fuqarodan 10 ming dollar talab qilgan.

Fuqaro arizasi asosida huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan fuqarolar Qo‘qon shahar Turkiston ko‘chasida 10 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ushbu shaxslarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Shuningdek, qamoqqa olinganlardan biri uch nafar fuqarodan jarima maydonlaridagi mashinalarni chiqarish, haydovchilik guvohnomasini olib berish va boshqa harakatlari uchun pul olgani yuzasidan arizalar kelib tushgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling