Foto: STV.uz
Oʻzbekistonda tarqatiladigan xorijiy telekanallar roʻyxati kengaytirilmoqda. Bu haqda AOKA xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, fuqarolarning toʻliq va xolis axborot olish huquqini taʼminlash hamda turli manbalardan maʼlumot olish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Oʻzbekistonda tarqatilishiga ilgari ruxsat berilgan 50 ta xorijiy telekanallar umumlashtirilib, ularning asosida 192 ta telekanaldan tarkib topgan xorijiy telekanallar roʻyxatining yangi tahriri ishlab chiqilgan.
Ushbu roʻyxatga ijtimoiy-siyosiy masalalarni yoritishga va yangiliklar tarqatishga ixtisoslashgan 35 ta, filmlar va seriallar namoyishiga moʻljallangan 37 ta, National Geographic Channel kabi ilm-fan yutuqlarini namoyish etuvchi ilmiy-ommabop, maʼrifiy yoʻnalishdagi 34 ta, bolalar va oʻsmirlar auditoriyasiga moʻljallangan 27 ta, sportga oid mavzularni yoritishga ixtisoslashgan 20 ta va musiqiy-koʻngilochar kontent tarqatuvchi 39 ta xorijiy kanal kiritilgan.
Mazkur roʻyxatga kiritilgan xorijiy telekanallar pulli televideniye operator va provayderlari tarmoqlari orqali tarqatiladi (yaʼni efir orqali yopiq rejimda, kabel va IP televideniye, mobil aloqa, sunʼiy yoʻldosh aloqa tarmoqlari va Internet platformalar).
Xorijiy telekanallarni Oʻzbekiston hududida tarqatish mualliflik va turdosh huquqlar sohasini tartibga soluvchi milliy qonunchilik hujjatlari va xalqaro huquq normalari talablariga muvofiq, xorijiy kontent egalari bilan tegishli shartnomalarni tuzgan holda yoki ularning roziligi bilan amalga oshiriladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling