Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi davomida energetika sohasi boʻyicha muammolarga toʻxtalib oʻtdi.
“Ochiq aytish kerak, energetika sohasidagi muammolar bugun paydo boʻlib qolgani yoʻq.
Koʻp yillar davomida yangi gaz konlariga investitsiya kiritilmagani, elektr va gaz tarmoqlari modernizatsiya qilinmagani ham, ayni haqiqat.
Oqibatda, tizimda aniq hisob-kitob yoʻqligi, katta yoʻqotishlar oddiy holga aylanib qolgan edi.
Shu bilan birga, soʻnggi olti yilda aholimiz 12 foizga, sanoat korxonalari esa 2 barobarga ortib, 45 mingdan 100 mingtaga koʻpaydi.
Natijada, elektr energiyasiga talab kamida 35 foizga oshdi va yildan-yilga koʻpayib bormoqda”, — deydi Prezident.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyotni rivojlanishi uchun, energetika sohasiga 25-30 mlrd investitsiya kerakligini taʼkidladi.
“Iqtisodiyotimiz barqaror rivojlanishi uchun, energetika sohasiga 25-30 milliard dollar investitsiya kerak.
Bunga faqatgina xususiy investitsiyalarni jalb qilish orqali erishish mumkin.
Shu bois, soʻnggi uch yilda sohaga 8 milliard dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb qilindi.
Jumladan, oʻtgan haftada Buxoro, Namangan va Xorazmda quvvati 500 megavattli yana 3 ta quyosh stansiyalarini qurish boʻyicha tanlov yakunlandi”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, Prezident yil boshidan buyon quvvati 1,5 ming megavattli 7 ta elektr stansiyasini ishga tushirilganini maʼlum qildi.
“Yil boshidan quvvati 1,5 ming megavattli 7 ta elektr stansiyasini ishga tushirdik.
Kelasi yilda yana 4,5 ming megavattli 11 ta yirik loyihani yakuniga yetkazamiz.
Jumladan, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Fargʻona va Toshkent viloyatlarida barpo etiladigan quyosh va shamol elektr stansiyalari hisobiga, qoʻshimcha 14 milliard kilovatt elektr ishlab chiqariladi.
Bu orqali, xonadonlarga beriladigan elektr energiyasi 50 foizga koʻpayadi”, — deydi Prezident.
Shavkat Mirziyoyevning taʼkidlashicha, agar Oʻzbekiston energetika sohasida erkin bozorga oʻtishi shart.
“Energetika sohasida erkin bozorga oʻtishimiz shart. Agar erkin bozorga oʻtmasak, bizga investor kelmaydi”, — Prezident
“Ochiq aytish kerak, koʻp iqtisodchilar energetika sohasida erkin bozorga oʻtishni taklif qilmoqda.
Bu – toʻgʻri yoʻl. Men ham buni xohlayman.
Lekin, xalqimizning jon boshiga daromadi, ijtimoiy himoyasini oʻylab, bu sohadagi islohotlarni shoshmasdan, bosqichma-bosqich qilishimiz kerak.
Eng muhim masala – energiya resurslaridan samarali foydalanish.
Afsuski, iqtisodiyotimizda energiya sarfi boshqa davlatlardan 2 barobar yuqori.
Shuning uchun, energiya samaradorligini oshirish Milliy dasturini qabul qilamiz.
Energetika sohasida erkin bozorga oʻtishimiz shart. Agar erkin bozorga oʻtmasak, bizga investor kelmaydi”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling