Dehlida havoning haddan tashqari ifloslanishi sababli boshlang'ich maktablar yopiladi

Ayni paytda mahalliy mutasaddilar jamoat transportini cheklash masalasini koʻrib chiqmoqda

Hindistonning poytaxti Dehlida havoning haddan tashqari iflonlanishi oqibatida 5-noyabrdan boshlab boshlangʻich maktablar yopiladi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, har qishda Hindiston poytaxtida havoning haddan ziyod ifloslanishi kuzatiladi. Chunki sovuq va ogʻir havo qurilish changlari, avtomobil chiqindilari va qoʻshni shtatlarda yonayotgan ekin qoldiqlari tutunini ushlab turadi. Bu esa shaharning 20 million aholisi orasida nafas olish kasalliklarining koʻpayishiga olib keladi.

4-noyabr kuni havo sifati indeksi (AQI) poytaxtning aksariyat tumanlarida 400 balldan yuqori boʻlganligi sababli “ogʻir” yoki “xavfli” deb baholadi. Bosh vazir Arvind Kejrival maktablardagi vaziyatni qoʻlga olishni va tegishli barcha choralarni koʻrishni buyurdi.

Hindiston Ifloslanishni nazorat qilish federal kengashi poytaxtga zarur boʻlmagan yuklarni olib oʻtadigan dizel yuk mashinalarining kirishini taqiqladi. Dehli maʼmuriyati shu hafta boshida mintaqadagi aksariyat qurilish va buzish ishlarini toʻxtatdi.

Dehli atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Gopal Rai, Dehli hukumati xodimlarining 50% oldinga uydan ishlashlari kerakligini aytdi va xususiy firmalarni xuddi shu ish rejimga oʻtishga chaqirdi.

Foto: IQAir

Foto: IQAir

3-noyabr kuni Noida mahalliy hokimiyati barcha maktablarga sakkizinchi sinfgacha boʻlgan oʻquvchilar uchun darslarni onlayn tizimga oʻtkazishni buyurdi.

Baʼzi maktablarni yopish toʻgʻrisidagi qaror ota-onalar va ijtimoiy tarmoqdagi ekofaollarning xavotirlaridan, shuningdek, aholi nafas olishdagi qiyinchiliklar, tomoq, burun va koʻzlarning achishishidan shikoyat qilganidan soʻng joriy qilingan.

“AQI koʻrsatkichlari 400 dan oshganda sogʻlom odamlar ham zararlanishi mumkin, yondosh kasalligi bor odamlar uchun bu koʻrsatkich yanada kattaroq xavf tugʻdiradi”, — deb ogohlantirgan federal hukumat.

Shveytsariyaning IQAir guruhi tomonidan tuzilgan maʼlumotlarga koʻra, Nyu-Dehli soʻnggi toʻrt yil ichida dunyoning eng ifloslangan poytaxti boʻlib kelgan.

Google Trends maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi bir necha kun ichida shahar aholisi toza havodan nafas olish yoʻllarini izlayotgani sababli, “havo tozalagichlar” soʻzi boʻyicha qidiruvlar koʻpaygan.

Ayni paytda mahalliy mutasaddilar jamoat transportini cheklash masalasini koʻrib chiqmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling