Sudlarning noqoqnuniy qarorlari oqibatida 30 mlrd so'mdan ortiq zarar yetkazilgani ma'lum qilindi

Bunday holatlarning eng koʻpi Toshkent shahri va viloyatida aniqlangan

Foto: Tez News<br>

Foto: Tez News

Sudlar tomonidan nizolarni hal etishda ayrim xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi, moddiy va protsessual huquq normalari talablariga toʻliq rioya etilmaganligi oqibatida 30 mlrd soʻmdan ortiq zarar yetkazildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, sudlar tomonidan noqonuniy qurilmalarga nisbatan ham mulk huquqini belgilash haqida 109 ta noqonuniy sud qarorlari qabul qilingan.

Buning natijasida, 30 mlrd soʻmdan ortiq boʻlgan bino va inshootlar boshqa shaxslar nomiga rasmiylashtirilib, davlat manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar yetkazilgan.

Bunday sud qarorlari Toshkent shahar (65), Toshkent (21), Andijon, Jizzax, Namangan (4 tadan), Buxoro, Fargʻona (3 tadan), Qashqadaryo (2), Samarqand, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida (1 tadan) aniqlangan.

Shuningdek, ayrim sudlarda boshqa shaxslarga tegishli boʻlgan 44 ta obyektlarga nisbatan mulk huquqini belgilash kabi qonunchilikka zid amaliyot shakllangan

Maʼlum qilinishicha, yuqorida qayd etilgan noqonuniy sud qarorlarining 78 tasi prokuror protestlari va manfaatdor shaxslarning shikoyatlari asosida bekor qilinishi taʼminlangan.

Hozirda 18 ta sud qarorlari ustidan manfaatdor shaxslar tomonidan berilgan shikoyatlar sudlarda koʻrilmoqda va qolgan sud qarorlari oʻrganilmoqda.

Sudlarning noqonuniy qarorlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar yetkazilganligi hamda boshqa qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilganligi yuzasidan jami 7 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling