Prezident Shavkat Mirziyoyev jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish boʻyicha takliflar bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda taqdim etilgan rejalar dasturi uchta muhim yoʻnalishni qamrab olgan. Unga koʻra:
— Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning Nukus va Fargʻona shaharlaridagi filiallarida taʼlim sifatini oshirish;
— sport taʼlimi muassasalarida boshqaruv tizimini takomillashtirish;
— sohadagi ilmiy tadqiqotlar tizimini takomillashtirish.
Qayd etilishicha, 2023-2024 oʻquv yilidan boshlab taʼlim dasturlari yetakchi xorijiy OTMlar dasturlari boʻyicha shakllantiriladi. Barcha bakalavriat va magistratura taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha malaka talablari qayta koʻrib chiqiladi.
Shuningdek, bitiruvchilar va oʻqituvchilarning bilim, koʻnikma va pedagogik mahoratini baholash uchun kompetensiyalarni attestatsiyadan oʻtkazish amalga oshiriladi.
Maʼlum qilinishicha, bugungi kunda dolzarb boʻlmagan 5 ta bakalavriat yoʻnalishi tugatilib, 2 ta magistratura mutaxassisligi tashkil etiladi. Oʻquv va mashgʻulotlar jarayoniga federatsiyalarning tajribali mutaxassislari hamda xorijiy ekspertlar jalb qilinadi.
Sport sohasida faxriy unvon va toifa darajasiga ega boʻlgan, nufuzli xalqaro musobaqalarda gʻolib boʻlgan abituriyentlar kasbiy imtihonlarni topshirishdan ozod qilinadi.
Talabalarni ragʻbatlantirish uchun jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishi boʻyicha Paxlavon Mahmud nomidagi davlat stipendiyasi taʼsis etiladi. Eng yaxshi bitiruvchilarga sport hakami va ikkinchi toifali murabbiy malaka toifalari beriladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling