Qoraqalpog'iston voqealari yuzasidan o'tkazilayotgan sud 1-dekabrga qoldirildi

Sudlanuvchi L. Kallixanova barcha ayblarini tan olib, har qanday qonuniy jazoga tayyorligini bildirdi

Foto: Telegram

Foto: Telegram

Buxoro viloyat sudi binosida 2022-yil 1-2-iyul kunlari Nukus shahrida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar boʻyicha 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini koʻrib chiqish davom etmoqda.

Sud majlisida sud tergovi davom ettirilib, sudlanuvchilar D. Djiyemuratov, N. Nayipov, S. Kalimov, P. Nurniyazov, A. Temirxanov va B. Genjebayev koʻrsatma berdi.

Sud tergovi davomida soʻroq qilingan sudlanuvchi L. Kallixanova oʻz koʻrsatmalarida aybiga toʻliq iqrorligini va qilgan ishidan chin koʻngildan pushaymonligini aytdi.

Shuningdek, sudlanuvchi Dauletmurat Tajimuratovning Nukus shahrida miting oʻtkazish haqida Joʻqorgʻi Kenges raisi nomiga ariza qoldirganligi haqidagi xabariga aldanganini ma'lum qilgan. Jumladan, uning ushbu gaplariga ishonib, oʻzining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bildirish hamda videoroliklar chiqarganini, lekin bu holatlar aholini bunchalik darajada koʻtarilib ketishini bilmaganini aytgan.

Lolagul Qallixonova qilmishidan pushaymon boʻlib shunday dedi: “Biz juda katta xatoga yoʻl qoʻydik, oʻz yurtimizga tosh otdik”.

Ayblanuvchi, “tartibsizliklar paytida har bir insonning oʻlimi uning vijdoniga bogʻliq va hech qanday qamoq jazosi bu xatti-harakatlarni oqlay olmaydi”, deb taʼkidladi.

U Tajimuratovning aldoviga uchganligi, ushbu qilmishi oqibatida odamlar vafot etganligi, ularning oʻlimida esa oʻzini ham aybdor deb bilishini, shu sababli oʻzini kechirmasligini, oʻziga qoʻyilgan barcha ayblovlarni toʻliq tan olishini bildirgan.

Qoraqalpogʻiston voqealari yuzasidan oʻtkazilayotgan sud 30-noyabr kuni tushga qadar davom etdi.

Bunga Dauletmurat Tajimuratovning ertalab ikki marta burni qonashi oqibatida oʻzini yomon his qilayotgani, qolaversa, boshqa bir sudlanuvchining advokati yoʻqligi sababli sud ishida tanaffus eʼlon qilindi.

Sud 1-dekabr kuni soat 9:00 ga qoldirildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling