Foto: Minenergy
18 kunda 71 mingta xonadonning bir oylik isteʼmoliga teng hajmdagi elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, dekabr oyining 18 kunida oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida hududlarda 471 ta isteʼmolchilar tomonidan 21,4 mln kVt-soat miqdordagi elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Natijada, energetika tizimiga jami 10 mlrd soʻmdan ziyod zarar keltirilganligi maʼlum boʻldi.
Ushbu hajmdagi elektr energiyasi oʻrtacha 71 mingta xonadonning bir oylik isteʼmolini tashkil qiladi.
Noqonuniy foydalanish holatlari respublikaning barcha hududlarida aniqlangan:
- Sirdaryo viloyati, Boyovut tumanidagi “Magistral tarmoq qurilish” MCHJda 226,1 mln soʻm;
- Samarqand viloyati, Oqdaryo tumanidagi “Sogda qurilish” MCHJning tosh va shagʻal maydalash sexida 133,6 mln soʻm;
- Toshkent shahri, Shayxontohur tumani “Chorsu” savdo kompleksida 100,7 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.
Qoidabuzar isteʼmolchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar koʻrilib, ularning elektr uskunalari tarmoqdan ajratildi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling