"Bankrotga uchradik, shuni ortidan oilam buzilib ketdi" — Farrux Raimov prezidentga murojaat yo'lladi

Xonanda videomurojaat orqali prezidentdan amaliy yordam so'ragan

Foto: Innstagram<br>

Foto: Innstagram

Barchaga taniqli mashhur xonanda Farrux Raimov bankrotga uchragani va shuning ortidan oilasi ham barbod bo'lganini aytib, prezidentdan yordam so‘radi. Bu haqda u o‘zining Instagram sahifasida videomurojaat yo'llagan.

“Yurtimizda 10-15 yildan beri bayram tadbirlarida oilaviy xizmat qilamiz. Orttirgan pulimizga yashash uchun joy sotib olgan edik. O‘sha yerni o‘zidan-o‘zi "ko‘tarib" bo‘lmaydi. O‘sha vaqt mablag‘imiz yetarli emas edi.

Bu yerni sotib, birinchi biznesimiz, ya’ni tadbirkorlik bilan shug‘ullanib ko‘raylik degan maqsadda texnik ko‘rik ochishni rejalashtirdik. Davlat akkreditasiya markazidan 4 oy davomida imtihondan o‘tib, endi ruxsatnoma olib, ishni boshlaymiz deganimizda 1-sentyabrdagi qarorga ko'ra texnik ko‘rikning ba’zi shartlari o‘zgardi. Bizning ishimiz to‘xtab, bankrotga uchradik. Sarflagan pullarimizning hammasi havoga uchib ketdi”, — deydi Raimov.

Uning qo'shimcha qilishicha, mazkur muammo oilasining buzilishihga sabab bo'lgan.

"Shundan ozgina vaqt o‘tgandan keyin oilaviy kelishmovchiliklar kelib chiqdi. 4 nafar farzandim bor. Oilam ham barbod bo‘ldi, shu sababli videomurojaat yo‘llashga majbur bo‘ldim”, — deydi u.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling