Qarshidagi kanaldan 23 yoshli sportchi jasadi topildi

Marhumning akasi qotillik bo'lgan deb taxmin qilmoqda

Foto: t.me/qitmirmuxbir

Foto: t.me/qitmirmuxbir

6-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahrida yashovchi 23 yoshli sportchining jasadi Qarshi magistral kanalidan topildi degan xabar tarqaldi.

Ma’lum bo‘lishicha, marhum sportchining jasadini FVB g‘avvoslari topa olmagach, 14-iyul kuni uning akasi qarindoshlari bilan birga jasadni o'zlari topgan.

Marhumning akasi ukasi o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin demoqda:

"Ukamni g‘ovvoslar topolmagach, o‘zim va qarindoshlar, oshna-og‘aynilarim birikib yana suvdan izladik va 14-iyul kuni topdik. Suvdan chiqqanda ukamning jasadi shishib ketgan edi. To‘g‘ri, ikki-uch kun suvda qolgan, shishadi. Ammo ukamda kaltak izlari ham bor edi-da. Qolaversa u suvga shunchaki cho‘kib ketmaydi. Holsizlikdan yoki kaltaklanib, sog‘lig‘iga zarar yetkanidan so‘ng cho‘kib ketgan bo‘lishi mumkin"

Qashqadaryo viloyati prokuraturasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Qarshi magistral kanalidan 23 yoshli fuqaroning jasadi topilgani holati yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ish bo‘yicha sudga oid tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Tekshiruv viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling