Respublikaning ayrim hududlaridagi ko'p qavatli uylarda issiqlik ta'minoti susaydi

Gaz bosimining pasayib ketishi ortidan uchta qozonxona vaqtincha oʻchirilgan

Foto: Xabar.uz<br>

Foto: Xabar.uz

Respublika boʻylab elektr taʼminotida uzilishlar va gaz bosimining pasayib ketishi ortidan uchta qozonxona vaqtincha oʻchirildi. Bu haqda Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, bugungi kunda vazirlik tizimidagi qozonxonalar jami 495 tani tashkil qiladi. 492 tasi mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda ish faoliyatini davom ettirmoqda. Toshkent, Xorazm va Fargʻona viloyatlarida joylashgan 21 ta qozonxonada gaz bosimining meʼyorida boʻlmaganligi bois isteʼmolchilar belgilangan parametrlardan past koʻrsatkichda issiq suv va issiqlik energiyasi bilan taʼminlanishiga sabab boʻlmoqda. Gaz bosimi meʼyorida boʻlmaganligi tufayli 3 ta qozonxonani vaqtincha oʻchirishga toʻgʻri kelgan.

Shuningdek,poytaxtda ham issiqlik energiyasi “Toshkent Issiqlik markazi”, “Toshkent IYES” va “Veolia Energy Tashkent” ning mahalliy qozonxonalarida tabiiy gazdan foydalangan holda ishlab chiqarilishi, Toshkentning Issiqlik markazi-3, 5 va 9-qozonxonalari faoliyatida ham yuqoridagi holat kuzatilmoqda. Ushbu issiqlik markazlaridan Shayxontohur, Chilonzor va Uchtepa tumanlari aholisi va ijtimoiy obyektlariga issiqlik energiyasi yetkazib beriladi.

“Gaz bosimining yetarli emasligi qozonxonalarning avtomatik tarzda oʻchishiga sabab boʻladi. Albatta, bu holatda issiqlik taʼminoti uchun masʼul tashkilotlar vaziyatni yaxshilash uchun oʻzaro hamkorlikda kuchaytirilgan rejimda ishlamoqda. Mutaxassislar muammoli hududlarni aniqlash uchun joylarga borib, issiqlik energiyasini qayta taqsimlash boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirib bormoqda”, – deyiladi rasmiy xabarda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling