O'zbekistonning qaysi hududlarida gazdan uzilishlar kuzatilayotgani ma'lum qilindi

Toʻqqizta viloyatning ayrim hududlarida tabiiy gazdan uzilishlar kuzatilgan

Foto: Advice.uz<br>

Foto: Advice.uz

7-dekabr kuni mamlakat boʻylab toʻqqizta viloyatning ayrim hududlarida tabiiy gazdan uzilishlar kuzatilgan. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot shtabining isteʼmolchilarni yoqilgʻi-energiya resurslari bilan taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar haqidagi maʼlumotida aytib oʻtilgan.

Qayd etilishicha, gaz quvurlarida bosimning meʼyordan pastligi sababli Toshkent, Buxoro, Fargʻona, Andijon, Namangan, Jizzax, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarining ayrim hududlarida tabiiy gaz yetib borishida uzilishlar kuzatilgan.

Xususan:

  • Toshkent viloyati: Boʻstonliq, Piskent, Ohangaron, Parkent, Yangiyoʻl, Zangiota, Toshkent, Boʻka, Oqqoʻrgʻon, Oʻtra Chirchiq, Yuqori Chirchiq va Chinoz tumanlarining ayrim xonadonlarida;
  • Buxoro viloyati: Gʻijduvon, Buxoro, Romiton, Qorakoʻl, Shofirkon, Olot tumanlari va Buxoro shahrining ayrim xonadonlarida;
  • Fargʻona viloyati: Beshariq, Dangʻara, Yozyovon, Oltiariq, Qoʻshtepa, Rishton, Toshloq, Uchkoʻprik, Fargʻona, Furqat, Oʻzbekiston, Quva tumanlari va Margʻilon, Fargʻona, Quvasoy, Qoʻqon shaharlarining ayrim xonadonlarida;
  • Andijon viloyati: Andijon, Asaka, Baliqchi, Boʻston, Buloqboshi, Jalaquduq, Izboskan, Marhamat, Oltinkoʻl, Paxtaobod, Ulugʻnor, Xoʻjaobod, Shahrixon, Qoʻrgʻontepa tumanlari va Andijon, Xonobod, Qorasuv shaharlarining ayrim xonadonlarida;
  • Namangan viloyati: Yangiqoʻrgʻon tumani va Namangan shahrining ayrim xonadonlarida;
  • Jizzax viloyati: Sharof Rashidov va Dashtobod tumanlarining ayrim xonadonlarida;
  • Navoiy viloyati: Karmana tumanining ayrim xonadonlarida;
  • Samarqand viloyati: Payariq, Kattaqoʻrgʻon, Bulungʻur, Ishtixon, Paxtachi tumanlari va Samarqand, Kattaqoʻrgʻon shaharlarining ayrim xonadonlarida;
  • Surxondaryo viloyati: Termiz, Denov tumanlari va Termiz shahrining ayrim xonadonlarida gaz yetib borishida uzilishlar kuzatilgan.

Maʼlum qilinishicha, isteʼmolchilardan 560 ta murojaat kelib tushgan. Mavjud muammoni bartaraf etish boʻyicha tezkor chora-tadbirlar olib borilgan.

Gaz tarmoqlarida olib borilgan taʼmirlash ishlari isteʼmolchilarni oldindan ogohlantirgan holda amalga oshirilgan. Shuningdek, vazirlik va tizim tashkilotlarining masʼul xodimlari hududlarga safarbar etilib, isteʼmolchilarni barqaror energiya resurslari bilan taminlash choralari koʻrilmoqda.

Bundan tashqari, kuz-qish davrini betalafot oʻtkazish maqsadida elektr tarmoqlari korxonalarida 532 ta, gaz taʼminoti korxonalarida esa 244 ta nosozliklarni oldini olish va bartaraf etish boʻyicha brigadalar tashkil etilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling