Foto: Tez News
Surxondaryo viloyatining Termiz shahridagi xonadonlarning birida gaz va havo aralashmasining chaqnashi oqibatida portlash sodir boʻldi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, voqea 10-dekabr kuni soat 06:40 larda shaharning “Oʻzbekiston” mahallasi Alisher Navoiy koʻchasida sodir boʻlgan. Unga koʻra, xonadonning oshxona qismida tabiiy gaz va havoning chaqnashi natijasida portlash sodir boʻlgan.
Mazkur hodisa oqibatida xonadonning 57 yoshli egasi butun tana yuzasi 3-4-darajali, 40-45 foiz kuyish tan jarohati olib, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Termiz filialiga yotqizilgan.
Xabarga koʻra, ushbu hodisaga xonadonga oʻrnatilgan gaz hisoblagich hisobdoni qarz tufayli oʻchgach, fuqaro xonadon egasi tomonidan oʻzboshimchalik bilan gaz hisoblagich hisobdonidagi filtr qismini yechib olishi va qoʻlbola usulda tayyorlangan rezina shlangni noqonuniy ulab foydalanishi oqibatida xonaga gaz sizib chiqishi gaz-havo aralashmasi chaqnashi oqibatida sodir boʻlgan.
Voqea joyiga viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Tezkor boshqaruv markazi va Termiz shahar Favqulodda vaziyatlar boʻlimi rahbarlari va masʼul xodimlari yetib borishgan hamda 2 ta yongʻin qutqaruv ekipajlari jalb etilib, yongʻin oʻchirilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling