Foto: YouTube
Prezidentning issiqxonalar gaz taʼminotini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish boʻyicha Administratsiya rahbari Sardor Umrzoqovga bergan topshirigʻi ijrosi asosida gazdan uzilgan issiqxonalar bir kun ichida gaz bilan qayta taʼminlanadigan boʻldi.
Sardor Umrzoqov oʻtkazgan yigʻilishda issiqxona egalari boʻlgan tadbirkorlar ham tinglandi. Ular oʻzlarini qiynayotgan muammolar, faoliyatidagi ogʻriqli masalalar va ular yuzasidan oʻz takliflarini bildirishdi.
Maʼlum boʻlishicha, “Hududgaztaʼminot” AJ 700 gektardagi 268 ta issiqxonani tabiiy gazdan uzib qoʻygan. Buning oqibatida 70 ming tonna hosil, 30 million dollarlik eksport yoʻqotilishi, eng asosiysi gazdan uzilgan issiqxonalarda band boʻlgan 10 mingga yaqin aholi ishsiz qolishi mumkin.
Shuni inobatga olib, Energetika vazirligiga gaz taʼminotidan uzilgan barcha issiqxonalarni bir kun ichida gaz bilan qayta taʼminlash topshirigʻi berildi.
Shuningdek, Hisob palatasiga tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda mazkur holat yuzasidan “Hududgaztaʼminot” AJning hududiy boshqarma boshliqlari harakatiga huquqiy baho berish, agar ularning harakatida jinoyat alomatlari aniqlansa, qonuniy tartibda javobgarlikka tortish masalasini koʻrib chiqish yuzasidan topshiriq berildi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling