O'zbekistonda svet va gaz bilan bog'liq muammolar hal qilinadimi? Energetika vaziri o'rinbosari ushbu savollarga javob berdi

Avtomobillarga metan gaz quyish shaxobchalarida tekshiruvlar oʻtkazilib, oʻgʻirlagan va bunga energetika tizimimida kimlar yordam bergan boʻlsa ular ham jazoga tortiladi

Foto: AOKA

Foto: AOKA

Elektr ta’minotida bir soatdan ortiq cheklov kiritgan hududdagi mas’ullarga chora ko‘rilishi ma’lum qilindi. Bu haqda Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Matbuot anjumanida vazir o‘rinbosari OAV vakillariga ularni va jamoatchilikni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Foto: AOKA

Foto: AOKA

"Xatolarimiz bor, biz buni tan olamiz. Ishlab chiqarish sohalarida yo’l qo‘ygan kamchiliklarimiz ham bor. Shu bois, biz aholidan tejamkor bo‘lishini so‘raymiz, o‘zimizni oqlamoqchi ham emasmiz", — dedi Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev.

Shuningdek, vazir o‘rinbosari hududlarda elektr ta’minotidagi uzilishlar bir soatdan oshib ketgani bois, bunga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga chora ko‘rilishini ma'lum qildi.

"Qaysi hududlarda elektr energiyasidagi uzilishlar yarim yoki bir soatdan oshib ketayotgan bo‘lsa, buning sabablarini o‘rganamiz. Kerak bo‘lsa, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga chora ko‘ramiz", — deydi Energetika vazirligi mas’uli.

Mazkur tadbirda “O‘zbekneftgaz” boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev ham so‘z olib, GTL kompaniyasidagi ishlab chiqarish 50 foizga kamaytirilib, qolgan gaz aholiga berilishi rejalashtirilayotganini aytdi.

Vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayevning qo‘shimcha qilishicha, tez kunda cheklovlar masalasi 80 foizga hal etiladi.

Foto: AOKA

Foto: AOKA

Buning uchun tabiiy gaz va elektr energiyasi eksporti to‘xtatilgani, tashqi import 20 foizga oshirilgani aytildi. Bundan tashqari, bugungi kundagi uzilishlar 8-10 soatlab tokni o‘chirishga sabab bo‘lolmasligi qo'shimcha qilingan.

Energetika vaziri o‘rinbosarining aytishicha, Toshkent shahri va viloyatlar markazida elektr energiyasi ko‘p isrof qilinmoqda. Shu sababli shahardagi yoritish chiroqlari va elektron reklama e‘lonlarini vaqti-vaqti bilan o‘chirish rejalashtirilayotgani ma'lum qilingan.

Shuningdek, avtomobillarga metan gaz quyish shaxobchalarida tekshiruvlar oʻtkazilmoqda.

“Oʻrganishlar natijasi boʻyicha barcha ma’lumotlar ochiqlanadi. Kim oʻgʻirlagan va bunga bizning tizimimizda kimlar yordam bergan boʻlsa ular ham jazoga tortiladi”, — dedi vazir o‘rinbosari.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling