Foto: Olamsport.com
Ramzan Qodirov Rossiya rekordlar kitobi va Ginnesning rekordlar kitobiga ariza topshirib, o'ziga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar bo'yicha rekord o'rnatmoqchi.
Uning hisob-kitoblariga ko'ra, sanksiyalar soni bo'yicha u KXDR rahbari Kim Chen Inni, Suriya va Belarus prezidentlari Bashar Asad va Aleksandr Lukashenkoni ortda qoldirgan.
Ma'lum qilinishicha, 2011-yildan beri Checheniston rahbari, uning oila a'zolari, sheriklari, mulki va tashkilotlariga nisbatan kamida 70 ta cheklov joriy etilgan.
"Menga nisbatan jami 15 ta, oila a'zolarimga 10 ta, hamkorlarim va hamkasblarimga nisbatan 28 ta, tashkilotlarga 9 ta, otlarga 4 ta va Instagram akkauntlariga nisbatan 4 ta to'g'ridan-to'g'ri cheklovlar qo'yildi. Avvalo, men Rossiya Rekordlar kitobiga murojaat qilaman. Bu men uchun hali ham yaqinroq va azizroq. Keyin esa chet ellik siyosatchilar 11 yil davomida cheklovlarni bekorga o'ylab topmaganliklarini his qilishlari uchun Ginness rekordlari kitobiga ham murojaat qilaman”, — deb yozdi Qodirov o'zining Telegram kanalida.
Shuningdek, Qodirov, unga nisbatan cheklov qo'yganlar "muvaffaqiyatga erisha olmasligini", ta'kidlagan. Shu bilan birga, u Gollivudga o'zi haqida film suratga olishni taklif qildi.
Ma'lumot uchun, Qodirovga qarshi sanksiyalar AQSh va Yevropa Ittifoqi davlatlari tomonidan joriy qilingan. Jumladan Chexiya va Germaniya hukumati uning poyga otlarining musobaqalarda g'alaba qozonishi mumkin bo'lgan daromadlarini muzlatib qo'ygan. Checheniston rahbari bunga javoban o'zining sanksiyalar ro'yxatini tuzib, Yevropa rasmiylari va AQSh prezidentining Chechenistonga tashrifini taqiqladi.
Sentyabr oyida Qo'shma Shtatlar Qodirovlar oilasi a'zolari, jumladan, uning qizlari Ayshat (Checheniston madaniyat vaziri), Xadizat (Grozniy maktabgacha ta'lim boshqarmasi boshlig'i) va Tabarik, shuningdek, uning rafiqasi Medniyga nisbatan sanksiyalar joriy etgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling