“Gʻishtkoʻprik” chegara bojxona posti 4 oyga yopiladi

Cheklov postdagi qurilish va rekonstruksiya ishlarini nihoyasiga yetkazish maqsadida amalga oshirilmoqda

“Gʻishtkoʻprik” chegara bojxona posti 5-fevraldan boshlab 4 oyga yopiladi. Bu haqda Bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, cheklov mazkur postdagi ulkan qurilish va rekonstruksiya ishlarini mantiqiy nihoyasiga yetkazish maqsadida amalga oshirilmoqda. 

Xususan, postda vaqtinchalik binolarni demontaj qilish, hududni obodonlashtirish, postga tutash hududda zarur infratuzilmani tashkil etish nazarda tutilgan.

“Gʻishtkoʻprik” chegara posti orqali harakatlanayotgan fuqarolar va transport vositalarining harakati 2025-yilning 5-fevralidan “Navoiy” chegara bojxona postiga yoʻnaltiriladi.

Yangidan zamonaviy tarzda bunyod etilgan “Navoiy” chegara bojxona posti ham Toshkent viloyatining Toshkent tumanida joylashgan boʻlib, “Gʻishtkoʻprik” postiga yaqin hudud hisoblanadi. 

Jismoniy shaxslar, yengil avtomobillar va avtobuslar harakati uchun qulay boʻlishini taʼminlash maqsadida “Navoiy” chegara bojxona postida yuk avtotransport vositalari harakati cheklanadi!

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling