Foto: Tez News
Moʻgʻuliston Oʻzbekistonga goʻsht eksportini oshirmoqchi. Bu haqda Moʻgʻuliston qishloq xoʻjaligi vaziri Xayangaa Bolorchuluun soʻzlariga tayanib, “Number One” xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, 2022-yilning dekabr oyida Oʻzbekiston tomoni toʻqqizta Moʻgʻuliston korxonasiga goʻsht va goʻsht mahsulotlarini olib kirishga ruxsat bergan, natijada Oʻzbekistonga goʻsht eksport qiluvchi korxonalar soni 26 taga yetgan.
Maʼlum qilinishicha, Mogʻuliston Oʻzbekistonga 2022-yilning 10 oyida 500 tonna goʻsht va sut mahsulotlari eksport qilgan.
“Oʻzbekiston tomoni Moʻgʻulistonda qoʻshma chorvachilik xoʻjaligini tashkil etish orqali goʻsht eksportini oshirishdan manfaatdorligini bildirdi”, — deyiladi xabarda.
Maʼlumotlarga koʻra, ikki davlat oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida Oʻzbekiston Moʻgʻulistonga sifatli meva, rezavor meva va sabzavotlar yetkazib berishi mumkin.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling