Foto: Toshkent shahar hokimligi
Toshkentning Shayxontohur tumanidan oqib oʻtuvchi Jangoh, Chuqurkoʻprik va Zaxariq kollektorlari yopiq holatga olinib, kollektorlar usti va unga tutash hududda avtomobil yoʻli, yashil maydonlar, piyodalar va velosiped yoʻlaklari quriladi.
Bu boradagi ishlarning 1-bosqichini amalga oshirish boʻyicha davlat buyurtmasi “Discover Invest” MCHJga berildi. Kompaniya tenderda 307,8 mlrd soʻm taklif bildirgan.
Tenderni Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Daryo boʻyi business city tadbirkorlik markazini qurish va ekspluatatsiya qilish direksiyasi” unitar korxonasi oʻtkazgan.
16-iyuldan 2-avgustgacha oʻtkazilgan bu tender natijalari boʻyicha, ishlarni 657 kunda tugatish sharti bilan, buyurtmachi va “Discover Invest” MCHJ oʻrtasida 307 mlrd 815 mln 495 ming 632 soʻmlik shartnoma tuzish boʻyicha bayonnoma rasmiylashtirilgan. Tenderning zaxira gʻolibi sifatida “Mimar Group” MCHJ tanlangan.
“Discover Invest” MCHJ kimniki?
Davlat reyestriga koʻra, “Discover Invest” MCHJ 2008-yilda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Kompaniyaning 56,9 foiz ulushiga Isroilov Ismoil Erkinovich, 43,1 foiz ulushiga esa Zohidov Abdurasul Abdusattorovich egalik qiladi.
"Ayrim manbalardagi maʼlumotlarga koʻra, Ismoil Isroilov – Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayevning jiyani boʻlishi mumkin. U avvalroq Akfa Engineering Management kompaniyasi direktori boʻlgan, ayni paytda ham hokimga doxil deb koʻriladigan qator kompaniyalarga aloqador shaxs sanaladi", deb yozadi Kun.uz.
Discover Invest Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Raqamli Toshkent vaziyatlar markazi”ni qurish ishlari hech qanday tendersiz, hukumat farmoyishi bilan, istisno tariqasida, Discover Investʻga topshirilgan.
Discover Invest nafaqat poytaxtdagi, balki Nukus shahridagi “Doʻstlik” kanali boʻyida istirohat bogʻi, bolalar oʻyingohi, “Workout” maydonchasi qurish boʻyicha 34,2 mlrd soʻmlik buyurtmani hech qanday tendersiz qoʻlga kiritgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling