Foto: Repost.uz
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri Kirovskiy tumanida oʻzbekistonlik erkak oʻz hamyurtini pichoqlab, oʻldirib qoʻydi. Bu haqda “47 Kanal” xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, mazkur hodisa 20-dekabr kuni sodir boʻlgan. Unga koʻra, tumandagi xususiy uylardan birining yonida 41 yoshli oʻzbekistonlik erkak qonga belangan holda topilgan. Maʼlum qilinishicha, u orqa tomonidan pichoq bilan olgan jarohati sababli voqea joyida vafot etgan.
Politsiya xodimlari mazkur holat yuzasidan tezkor-qidiruv ishlari boshlagan va voqea joyidan unchalik uzoq boʻlmagan joyda ikki nafar migrantni qoʻlga olgan.
Aniqlanishicha, ch nafar muhojir bogʻdorchilik vaqtida spirtli ichimlik isteʼmol qilgan. Toʻsatdan ular oʻrtasida janjal kelib chiqib, 36 yoshli oʻzbekistonlik erkak oʻzining 41 yoshli hamyurtining beliga pichoq bilan jarohat yetkazgan. Shundan soʻng u voqea joyidan qochib ketgan. Voqeaga 35 yoshli Oʻzbekiston fuqarosi guvoh boʻlgan.
Qotillikda gumon qilingan erkak mast holatda topilgan. Xabarga koʻra, ayni paytda u izolyatorga joylashtirilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Voqea joyidan pichoq va uchta uyali telefon musodara qilingan.
Maʼlumotlarga koʻra, uch nafar muhojir Rossiyaga 2021-yilning noyabr oyida kelgan. 2022-yilning bahorigacha erkaklar migratsiya roʻyxatida boʻlgan. Ayni vaqtda ular hech qayerda ishlamagan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling