Farg'onada IIBga olib borilgan 15 yoshli bola vafot etdi

Ekspertiza xulosasiga koʻra, marhumning oʻlimiga bosh miyaning shikast yeyishi sabab boʻlganligi koʻrsatilgan

Foto: Tez News<br>

Foto: Tez News

Ijtimoiy tarmoqlarda “Fargʻona viloyatida IIB binosidan 15 yoshli oʻsmirning murdasi chiqdi” sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi. Viloyat prokuraturasi mazkur holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Qayd etilishicha, 16-oktyabr kuni Uchkoʻprik tumani, Sulton MFYda yashovchi 15 yoshli oʻsmir bola Yangiqoʻrgʻon qishlogʻida joylashgan “Ansor” savdo majmuasida nazoratsiz yurgani aniqlangan.

Oʻsmir savdo majmuasida oʻgʻirlik qilmoqchi boʻlganida IIB xodimlari tomonidan ushlanib, tuman boshligʻining shu kungi qarori bilan Qoʻqon shahrida joylashgan viloyat IIB JXX HPB VEIHYOKMga joylashtirilgan.

Maʼlum qilinishicha, 17-oktyabr kuni voyaga yetmagan fuqaroning sogʻligi yomonlashib, husihidan ketgani sababli Tez-tibbiy yordam xodimlari chaqirilgan. Unga tibbiy yordam koʻrsatilishiga qaramasdan shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga koʻra, marhumning oʻlimiga “bosh miya kalla yopiq shikasti, miya qattiq parda ostiga qon quyilishi, bosh miya moddasining lat yeyishi” sabab boʻlganligi koʻrsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qoʻqon shahar prokuraturasi tomonidan 18-oktyabr kuni Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining oʻlimiga sabab boʻlgan ogʻir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Tergov harakatlari davomida, jinoyatga bevosita aloqador ikki nafar shaxsga nisbatan ayblov eʼlon qilinib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Shuningdek, holat yuzasidan IIB JXX HPB VEIHYOKM xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling