"Haddingni bil, bilmasang bildirib qo'yaman". IIB mas'uli qo'l ostidagi xodim bilan tortishdi — video

Holat yuzasidan viloyat IIB tomonidan xizmat tekshiruvlari oʻtkazilmoqda

Foto: Videodan lavha<br>

Foto: Videodan lavha

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Yakkabogʻ tumanida IIB masʼuli qoʻl ostidagi xodimga qoʻpol munosabatda boʻlib, u bilan tortishgani aks etgan videolar tarqaldi. Viloyat IIB matbuot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, videotasvirdagi holatda 17-noyabr kuni Yakkabogʻ tumanida 35 yoshli fuqaro boshqaruvidagi “Lacetti” mashinasi 47 yoshli fuqaroni urib yuborib sodir etgan YTH boʻyicha olib borilayotgan surishtiruv jarayoni aks etgan.

Unda jabrlanuvchini tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingandan soʻng shu yerda avtomashinani koʻzdan kechirish uchun mutaxassislar jalb qilingunga qadar qoʻriqlovga olish uchun tuman IIB boshligʻi birinchi oʻrinbosari tuman IIB HPB profilaktika inspektoriga topshiriq berayotganida profilaktika inspektori rahbari bilan gap tortishgan.

Videoga koʻra, inspektor uyga ketmoqchiligini aytganida IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari unga bugun uyiga bormasligini, bugun u “noch”da ekanini, “agar haddini bilmasa, bildirib qoʻyishini” aytib unga qoʻpollik qilgan.

Hozirda holat yuzasidan viloyat IIB tomonidan xizmat tekshiruvlari oʻtkazilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling