O'zbekiston Mehnat kodeksi yangi tahrirda qabul qilindi

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 6 oy oʻtgach kuchga kiradi

Foto: Yangi O'zbekiston<br>

Foto: Yangi O'zbekiston

“Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qonun Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda ”Huquqqiy axborot" telegram kanali xabar bermoqda.

Kodeksga koʻra, yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar va ular bilan bevosita bogʻliq ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning asosiy prinsiplari etib quyidagilar belgilangan:

— mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashgʻulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash;

— mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash;

— mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik;

— mehnat huquqlari taʼminlanishining va mehnat majburiyatlari bajarilishining kafolatlanganligi;

— xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yoʻl qoʻyilmasligi.

Jumladan, mehnat erkinligi har kimning mehnat qilishga boʻlgan oʻz qobiliyatlarini tasarruf etish, ularni qonun bilan taqiqlanmagan har qanday shaklda amalga oshirish, mashgʻulot turini, kasbni va mutaxassislikni, ish joyini hamda mehnat sharoitlarini erkin tanlash huquqini anglatadi.

Davlat aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish boʻyicha qoʻshimcha kafolatlarni taʼminlaydi. Bunda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari jumlasiga quyidagilar kiradi:

— 14 yoshga toʻlmagan bolalari, nogironligi boʻlgan bolalari bor yolgʻiz ota-ona, shuningdek koʻp bolali oilalardagi ota-onalar;

— umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarini, kasb-hunar maktablari va kollejlari hamda texnikumlarini tamomlab, kasbga ega boʻlgan yoshlar;

— “Mehribonlik” uylarining bitiruvchilari, shuningdek oliy taʼlim tashkilotlarining davlat grantlari boʻyicha taʼlim olgan bitiruvchilari;

— Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati qoʻshinlaridagi muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar;

— nogironligi boʻlgan shaxslar;

— pensiyaoldi yoshidagi shaxslar (qonunda belgilangan pensiya yoshiga qadar ikki yil oldin);

— jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar yoki sudning qaroriga koʻra oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan shaxslar;

— odam savdosidan jabrlanganlar.

Ushbu qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 6 oy oʻtgach kuchga kiradi. Qonun kuchga kirishi bilan “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qonun oʻz kuchini yoʻqotadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling