Qashqadaryoda shifokor bemorning o'g'li tomonidan kaltaklandi

Voqea yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda

Foto: Qashqadaryo viloyat SSB

Foto: Qashqadaryo viloyat SSB

2022 yil 14 oktyabr kuni Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumani tibbiyot birlashmasida anesteziolog-reanimatolog bo‘lib ishlab kelayotgan 57 yoshli shifokor kaltaklandi. Bu haqda viloyat Sog'liqni saqlash boshqarmasi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha kuni bo‘limga 52 yoshli bemor olib kelingan. Unga gipertoniya tashxisi qo‘yilib, tezkor tibbiy yordamga kirishilgan. Soat 21:00 lar atrofida davo muolajalari davom etayotgan paytda jarayonga xalaqit berayotgan bemorning 25 yoshlar atrofidagi o‘g‘li va jabrlanuvchi shifokor T.Hamroyev o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan.

Oqibatda bemorning o‘g‘li shifokorga musht ko‘targan.

Ma’lum qilinishicha, shifokorga «bosh miya shikastlanishi, bosh miya chayqalishi, burun suyagining ochiq sinishi, burun asosi ezilib, yirtilgan jarohati, yuqori jag‘ o‘ngdan qoziq tishning travmatik sinishi, ikkala qovoq-burun asosi gematomalari» tashxisi qo‘yilgan va travmatologiya bo‘limiga yotqizilgan.

Voqea yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Shifokor 32 yildan buyon Gʻuzor tumani tibbiyot birlashmasida ishlab kelgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling