Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Abdumavlon Abdullayev 8-dekabr kuni 92 yoshida vafot etdi. Uning vafoti munosabati bilan prezident Shavkat Mirziyoyev, bosh vazir Abdulla Aripov, Senat raisi Tanzila Norboyeva hamda Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yoʻldoshev hamdardlik bildirdi.
“Abdumavlon Abdullayev 1930-yilning 13-iyulida Namangan viloyatida tugʻilgan. 1952-yili Oʻrta Osiyo davlat universitetini tugatib, mehnat faoliyatini Oʻsimlikshunoslik ilmiy tekshirish instituti Oʻrta Osiyo tajriba stansiya kichik ilmiy xodimi lavozimida boshlagan. 1961-yilda nomzodlik, 1973-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1995-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylangab.
Isteʼdodli olim oʻzining qariyb 70 yillik ilmiy faoliyati davomida Fanlar akademiyasida fidoyilik bilan mehnat qilgan. Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti kichik, katta ilmiy xodimi, laboratoriya mudiri, direktori, OʻzRFA Prezidiumining qishloq xoʻjaligi fanlari boʻlimi raisi hamda umrining soʻnggi kunlarigacha instituti bosh ilmiy xodimi lavozimida samarali faoliyat koʻrsatib, ilm-fan rivojiga munosib hissa qoʻshgan.
Abdumavlon Abdullayev ilmiy faoliyati davomida gʻoʻza genetikasining fundamental asoslarini rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshgan. Olim yaratgan ilmiy maktab asosida gʻoʻzaning bir qator yangi navlari kashf etildi hamda genetika seleksiyasida gʻoʻzaning yovvoyi turlaridan foydali donorlar sifatida foydalanish imkoniyati yaratildi. Mamlakatimiz paxtachilik ilm-fani rivojining fundamental asosi va milliy boyligi boʻlgan gʻoʻza genlari kolleksiyasining asoschilaridan biridir.
U 600 dan ortiq ilmiy ishlar, jumladan 10 dan ortiq monografiyalar muallifi. Ilmiy maqolalarining 300 dan ortigʻi xalqaro nufuzli jurnallarda chop etilgan. Jonkuyar ustoz sifatida koʻplab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan zahmatkash olimning bevosita rahbarligida 20 dan ortiq fan doktori va 40 ga yaqin fan nomzodlari tayyorlangan.
Uning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi” (1980), “Mehnat shuhrati” ordeni (2003) “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofoti” (2011) bilan mukofotlangan.
Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Abdumavlon Abdullayevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladii”, — deya qayd etilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling