Foto: Twitter
12-dekabr kuni Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiya Amerika davlat kotibi Entoni Blinken bilan muzokaralar olib bordi.
Amerika davlat departamenti rahbari diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgan joriy yilda strategik sheriklik muloqotning ikkinchi yigʻilishini oʻtkazilishi alohida ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlagan.
Blinken Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni ijobiy baholab, Amerika tomoni ularni amalga oshirish jarayonida har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirgan. Amerika davlat departamenti rahbari respublikaning inson huquqlarini himoya qilish, shu jumladan diniy erkinliklarni taʼminlash, odam savdosiga qarshi kurashish va majburiy mehnatga barham berish borasida erishgan yutuqlarini alohida taʼkidladi.
Davlat kotibi Oʻzbekiston tomonidan Markaziy Osiyoda oʻzaro ishonch va anglashuv muhitini mustahkamlash yoʻlida olib borilayotgan mintaqaviy siyosatga yuksak baho berdi. Ayniqsa, E.Blinken Oʻzbekistonning Qirgʻiziston bilan davlat chegarasini demarkatsiya qilish toʻgʻrisidagi bitimga erishganini olqishladi.
“Menimcha, bu mintaqadagi va undan tashqaridagi koʻpchilikka bunday masalalarni hal qilishda diplomatiya imkoniyatlarining ahamiyati toʻgʻrisida kuchli signal yuboradi”, — dedi davlat departamenti rahbari.
Savdo, investitsiyalar, fan va taʼlim, transport va logistika sohasida hamkorlikni rivojlantirishdan tomonlarning manfaatdorligi taʼkidlandi.
Ikki tomonlama darajada, “C5+1” mintaqaviy formati va xalqaro tashkilotlar doirasidagi rejalashtirilgan tadbirlar jadvali yuzasidan fikr almashildi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling