Foto: Tez News
Toshkent shahrida xususiy bandlik agentligi ochib, fuqarolarni aldab 55 nafarini xorijga sotib yuborgan uch nafar shaxsga sud hukmi oʻqildi. Bu haqda Sevimli telekanalining “Zamon” informatsion dasturi xabar bermoqda.
Maʼlum qilinishicha, 2019-yilda xususiy bandlik agentligi rahbari, jamiyat ishchilari, Suriya fuqarosi va boshqalar bilan uyushgan guruh boʻlib, chet elda ishlash istagida boʻlgan shaxslarni, nufuzli xorijiy mamlakatlarda, xususan, Saudiyada ishga joylashtirishlarini aytib, internet orqali targʻibot ishlarini olib borgan.
Guruh aʼzolarining har biriga vazifalar boʻlib berilgan. MCHJda ishlovchi xodimga odamlarni xorijga yuborishga jalb etish vazifasi, Suriya va Saudiya Arabistoni fuqarolariga esa Oʻzbekistondan yuborilgan fuqarolarni qabul qilib, ularni uchta shirkat orqali majburiy mehnatga jalb qilinishi uchun moddiy naf evaziga ish qidirayotgan oilalarga sotib yuborish vazifasi yuklatilgan.
Aniqlanishicha, odam savdosi bilan shugʻullanuvchi firibgarlarga ishongan fuqarolar soni qariyb 100 kishini, shulardan 55 nafari ishga joylashtirish maqsadida sotib yuborilgan, 45 nafari esa korxona xodimlariga ishonib, aldangan.
Mazkur korxonavakili hisoblangan Saudiya Arabistoni fuqarosi barcha ishlar kontrakt asosida, qonuniy ravishda amalga oshirilganini taʼkidlagan.
"Biz ularni bu yerdan ketish, hamma xarajatlarini qoplab turib, ishga joylashtirganmiz. Xususiy bandlik 500 ta joylashtiribdi, shundan 369 tasi ish ochilgungacha bizni tashkilotdan ketgan. Bu qanaqasi? Kimdir yuqorilab, oʻsib ketayotgan boʻlsa, sindirish boʻlyapti", — deydi sudlanuvchilardan biri.
Maʼlum qilinishicha, sudlanuvchilar jabrlanuvchilardan jami 554,181 mln soʻm mablagʻni firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirib, bergan vaʼdalarini bajarmagan.
Mazkur ish Jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo-Ulugʻbek tuman sudida koʻrib chiqildi. Unga koʻra, MCHJ rahbari boʻlgan ayblanuvchi Jinoyat kodeksining 135- (odam savdosi) va 168- (firibgarlik), 189-moddalari (savdo yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini buzish) bilan aybli deb topilgan va u 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling