Foto: Teznews
Opa-singillar “Malika” savdo majmuasida joylashgan doʻkonidan topib olingan plastik kartadan salkam 60 mln soʻm pul yechib oldi. Bu haqda Tergov departamenti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 2022-yil 8-noyabr kuni Toshkent shahar Yunusobod tumanida yashovchi 21 yoshli fuqaro tuman IIO FMB boshligʻi nomiga ariza bilan murojaat qilgan. U oʻz arizasida, 7-noyabr kuni unga tegishli boʻlgan plastik kartasidan 58 mln 984 ming soʻm miqdoridagi pullar nomaʼlum shaxs tomonidan yechib olinganligini ma'lum qilgan.
Fuqaro ushbu nomaʼlum shaxslarni aniqlashni va ularga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari natijasida, ushbu jinoyat 27 yoshli va 18 yoshli opa-singillar tomonidan sodir etilganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tuman IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan ulargalarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 169-moddasi 2-qismi “b” va “g” bandlari (oʻgʻirlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Jinoyat ishi doirasida, soʻroq qilinganlarida, gumonlanuvchi mazkur plastik kartani uzi operator boʻlib ishlaydigan “Malika” savdo majmuasida joylashgan doʻkonidan topib olganligini aytgan.
Keyinchalik, topib olingan plastik karta toʻgʻrisida oʻzining singlisiga xabar berib, birgalikda bankomat oldiga borib, tavakkal qilib parol uchun “7777” raqamini terishgan. Shu tariqa plastik kartaning himoya kodini bilib olib, unda boʻlgan pullarini yechib olganligini ta'kidlashgan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling