Buxoroda qamishzordagi yong'inni o'chirishga 100 dan ortiq odam va vertolyot jalb qilindi

Yong'inni bartaraf etish maqsadida Mudofaa vazirligining maxsus vertolyoti ham jalb etilgan

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati<br>

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati

Joriy yilning 24-avgust kunida Buxoro viloyatining Peshku tumanida qamishzorda yong'in yuz berdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 24-avgust kuni Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining navbatchilik qismiga Buxoro viloyati Peshku tumanidagi Qoraqir massivi hududidagi qamishzorda yong'in bo'ayotganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Ma'lum qilinishicha, ushbu maydon aholi punktlaridan uzoqda joylashganligi sababli aholiga va ularning mol-mulklariga xavf solmagan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining 107 nafar xodimdan iborat yong'in-qutqaruv brigadalari zudlik bilan yong'in joyiga yetib borgan.

Yong'in chuqur botqoqlik hududida bo'lganligi sababli Favqulodda vaziyatlar vazirligi yong'in-qutqaruv texnikalaridan foydalanishning imkoni bo'lmagan. Shu sababli yong'in qo'lda ishlatiladigan asbob-anjomlar orqali bartaraf etilgan.

Xabarda aytilishicha, 25-avgut kuni yong'inni bartaraf etish maqsadida Mudofaa vazirligining maxsus vertolyoti ham jalb etilgan.

"Dastlabki ma'lumotlarga qaraganda, 25-avgust holatiga ko'ra yong'in 100 gektar maydonni qamrab olgan bo'lib, uning 80 foizini o'chirishga erishildi. Yaqin soatlar ichida yong'in to'liq o'chiriladi", – deyiladi vazirlik xabarida.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling