Oliy taʼlim vazirining barcha o‘rinbosarlari ishdan olindi

Shavkat Mirziyoyev raisligida taʼlim sohasidagi islohotlar ijrosi va kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida taʼlim sohasidagi islohotlar ijrosi va kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“Maktabgacha va maktab taʼlimida o‘zgarishlar bo‘lyapti, dasturlar ishlayapti, natijalar bor. Lekin kasb-hunar va oliy taʼlimga masʼul mutasaddilar haligacha taʼlimdagi islohotlar mazmunini to‘liq tushunib yetgani yo‘q”, – dedi davlat rahbari.

Shu bois, oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining barcha o‘rinbosarlari – birinchi o‘rinbosar Shoxruh Daliyev, o‘rinbosarlar Otabek Mahkamov va Sarvarxon Buzrukxonov ishdan olingani eʼlon qilindi.

Shuningdek, Prezident farmoni va qarori bilan Prezident Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi direktori Adxam Xudaykulov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabbayev lavozimidan ozod etildi.

Endilikda maktabgacha va maktab taʼlimi hamda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirlari, ularning o‘rinbosarlari, hokimlar preventiv va proaktiv ishlashga o‘tib, taʼlimning barcha yo‘nalishlarida katta o‘zgarish qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling