Foto: Teznews
9-dekabr kuni AOKAda Sogʻliqni saqlash vaziriligi tomonidan o'tkazilgan matbuot anjumanida sohada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil maʼlumot berildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.
Maʼlum qilinishicha, 2022-yilning 11 oyi davomida “103” xizmatiga jami 11 mln 735 ming 450 ta chaqiriq kelib tushgan. Bunda eng koʻp murojaatlar hududlar kesimida:
- Fargʻona viloyatida — 1 366 853 ta;
- Andijon viloyatida — 1 269 113 ta;
- Toshkent shahrida — 1 155 053 ta;
- Toshkent viloyatida — 1 151 757 ta;
- Namangan viloyatida — 1 095 444 tani tashkil etdi.
Shuningdek, yanvar-noyabr oylarida “103” xizmatiga jami 4 ming 911 ta yolgʻon chaqiriq kelib tushgan. Mazkur koʻrsatkichni oʻtgan yilning ayni shu davri bilan taqqoslasak, asossiz murojaatlar soni 1,5 barobarga kamaygan.
Shu bilan birga, yil davomida “Tez yordam”da faoliyat yuritayotgan shifokorlar soni 13 ming 798 nafarni tashkil etib, taʼminlanganlik darajasi 90,7 foizga yetgan. Tizimda mehnat qilayotgan oʻrta tibbiyot xodimlari soni esa 29 ming 156 nafarni tashkil qilmoqda.
Bundan tashqari, 2021-yilda tez tibbiy yordamda “B” toifali 435 ta reanimobil aholiga xizmat koʻrsatgan boʻlsa, hozirgi kunga kelib bunday zamonaviy sanitar avtoulovlar soni 541 taga yetgan.
Ushbu avtotransport vositalarining:
- 163 tasi Toshkent shahri,
- 56 tasi Samarqand,
- 44 tasi Fargʻona,
- 38 tasi Namangan viloyatlari aholisiga sifatli va tezkor tibbiy xizmat koʻrsatmoqda.