Toshkentda ayoli, o'g'li va yana ikki nafar oila a'zolarini pichoqlagan erkak 17 yilga qamaldi

Erkak xotini, qaynonasi, xotinining singlisi va yetti yoshli o‘g‘lini yaralagan

Foto: Videodan lavha<br>

Foto: Videodan lavha

Toshkent shahar Chilonzor tumanida oila aʼzolarining bir nechtasiga suiqasd uyushtirgan erkak 17 yilga qamaldi. Bu haqda Milliy telekanalining “Millar” informatsion dasturi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, voqea 2022-yilning iyul oyida sodir boʻlgan. Unga koʻra er-xotin orasida rashk sabab janjal yuzaga kelgan. Oqibatda ayol ota-onasining uyiga ketib qolgan. Bundan gʻazablangan er mast holda uning uyiga borgan va uyerda ham janjal davom etgan.

Yuzaga kelgan janjal natijasida erkak ayolni oshxona pichogʻi bilan jarohatlagan, buni koʻrgan ayolning onasi ularni ajratish maqsadida oraga tushgan. Biroq, erkak qaynonasiga ham bir necha marta pichoq bilan tan jarohati yetkazgan.

Shundan soʻng, ayolning opasi singlisini tarafini olish va janjalni toʻxtatish maqsadida erkakning boshiga ventilyator bilan urgan. Bundan jahli chiqqan erkak oʻzining qayni singlisini ham pichoq bilan jarohatlagan. Mazkur voqea orasiga uning yetti yoshli oʻgʻli ham aralashib qolgan. Biroq, erkak oʻz oʻgʻlini ham qorin sohasiga pichoq bilan jarohat yetkazgan.

“Ayolim ajrashaman dedi, bunga chidolmadim. Ozgina ichdim va uni uyiga bordim. U yerda ham janjallashdik, keyin pichoq bilan unga jarohat yetkazdim. Undan keyin nima boʻlgani esimda yoʻq. Keyin bilsa qaynonamga, ayolimning opasiga ham jarohat yetkazibman. Oʻgʻlim oramizga kirib qolgan. Tasodifan boʻlgan men koʻrmaganman. Qilgan ishimdan pushaymonman”, — deydi ayblanuvchi.

Mazkur holat Chilonzor tuman sudida koʻrib chiqildi. Sud hukmiga koʻra, erkak Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi (qasddan odam oʻldirish) 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik koʻrish va jinoyatga suiqasd qilish) va 219-moddasi 2-qismi (hokimiyat vakiliga yoki shaxsga qarshilik koʻrsatish) bilan aybdor deb topilgan. Shuningdek, unga 17 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling