Toshkent viloyatida 26 yoshli haydovchi o'ldirib ketildi

Ayblanuvchilar orasida 11-sinf o'quvchisi ham bor

Toshkent viloyatida taksichini o'ldirib, uning 14 mln so'm pulini o'zlashtirgan uch yo'lovchi qo'lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Repost.uz ga ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, 13-oktyabr kuni soat tahminan 23:00 lar atrofida uch fuqaro o'zaro jinoiy til biriktirib, Sirdaryo—Toshkent yo‘nalishida yo'lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 26 yoshli fuqaroni Bo'stonliq tumani hududiga olib-borib kelishga ko‘ndirgan.

Ma'lum qilinishicha, uch yo'lovchi haydovchining mashinasiga o'tirib, Lacetti'da pochta sifatida olingan 14 mln so'm pul mablag'i borligidan xabar topishgan. Shundan so'ng, ular haydovchini aldov yo'li bilan Quyi Chirchiq tumani "Tolovul" mahallasi hududiga olib borib, pochta sifatida olib ketilayotgan pulni bosqinchilik yo'li bilan qo'lga kiritishgan. Shu bilan birga haydovchini bo'yin qismidan bo'g'ib, qasddan o'ldirishgan.

Xabarga ko'ra, 14-oktyabr kuni viloyat prokuraturasi tomonidan ayblanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi "i,p" bandlari va boshqa moddalar bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, ular Jinoyat-prosessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling