Rossiyaning ayrim hududlarida o'qiyotgan o'zbekistonlik talabalarga o'qishni ko'chirishga ruxsat berildi

Arizalar 2022-yil 1-noyabrdan 20-noyabrga qadar qabul qilinadi

Foto: UzReport.News<br>

Foto: UzReport.News

Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh hududlaridagi universitetlarda oʻqiyotgan oʻzbekistonlik talabalarga oʻqishni koʻchirishga ruxsat berildi. Bu haqda Davlat test markazi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Davlat qabul komissiyasining 7-son bayoni bilan Rossiyaning (Ukraina bilan chegaradosh) Kursk, Bryansk, Belgorod, Voronej, Rostov va Krasnodar hududlaridagi OTMlarida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalarning oʻqishini Oʻzbekistondagi davlat OTMlariga istisno tariqasida koʻchirishga ruxsat berilgan.

Unga koʻra:

talabalarning oʻqishi ularning arizalariga muvofiq doimiy yashash manzili hududida joylashgan OTMning mos va turdosh (mos va turdosh boʻlmagan taqdirda mazmunan yaqin boʻlgan) taʼlim yoʻnalishiga koʻchiriladi;

arizalar 2022-yil 1-noyabrdan 20-noyabrga qadar (shu kuni ham) Davlat test markazining my.dtm.uz sayti (“Rossiya Federatsiyasidan oʻqishni koʻchirish” boʻlimi) orqali qabul qilinadi;

talabalarning haqiqatda muayyan OTMda tahsil olganligini tekshirish 2022-yil 25-noyabrdan 15-dekabrga qadar Tashqi ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;

talabalarning oʻqishini koʻchirishga ruxsat berish boʻyicha qaror respublika OTMlarining idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan qabul qilinadi;

fuqarolarning Rossiya Federatsiyasidagi muayyan OTMda haqiqatda oʻqiyotganligi aniqlanmasa ularning oʻqishi koʻchirilmaydi;

oʻqishi koʻchirilgan talabalarning oʻqishini mos kursdan davom ettirishiga istisno tariqasida ruxsat beriladi. Bunda aniqlangan fanlar farqi 2022-2023-oʻquv yili davomida bepul topshiriladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling