Foto: Xalqaro press klub
Hozirgi kunda Oʻzbekistonda 61 ta tashkilot va 208 ta hokimiyatda 118 ming nafar davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyat yuritmoqda. Bu haqda 26-dekabr kuni oʻtkazilgan xalqaro press-klub sessiyasida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Otabek Hasanov maʼlum qildi.
“Bugungi kunda mavjud 118 ming nafar davlat fuqarolik xizmatchisining oʻrtacha 55−60 foizi respublika darajasidagi tashkilotlarda ishlaydi. Lekin 35 foizgacha qisqarish degani, bu 118 ming kishidan 30 mingtani ayirib qoʻyish emas. Har bir vazirlikda baribir qisqarish boʻladi. Qaysidir vazirlikda 10 foiz, qayerdadir 30 foiz qisqarish boʻladi”, — dedi u.
Otabek Hasanov kadrlar qisqarishi hamma tashkilotda ham bir xilda boʻlmasligini qayd etdi.
“Masalan, Moliya vazirligida 30 foizlik qisqartirishni amalga oshirsak, bu qaysidir islohotlarga xalaqit berib qolishi mumkin. Lekin boshqa bir vazirlikda 40 foizgacha qisqartirish boʻlishi mumkindir. 118 ming kishi son jihatdan aniq qisqaradi, ammo qaysi vazirlikdan qancha odam qisqartirilishi hozircha maʼlum emas, buni tahlillar asosida, keyinroq eʼlon qilamiz. Ammo davlat fuqarolik xizmatchisi 118 ming nafar boʻlmaydi, ular soni aniq kamayadi”, — dedi Otabek Hasanov.
Foto: Xalqaro press klub
Avvalroq, davlat tashkilotlarining qisqarishi ortidan 2,8 trln soʻm tejalishi, ular ijtimoiy sohaga sarflanishi aytilgandi. Jumladan, moliya vaziri oʻrinbosari shundan 2,3 trln soʻmini 1−4 sinf oʻquvchilarini bepul ovqatlantirishga yoʻnaltirishni taklif qildi. “Lekin buni qabul qilish parlament qoʻlida”, — dedi Odilbek Isoqov.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling