Sirdaryoda hokim yordamchisiga nisbatan jinoyat ishi ochildi

Uning ta'sischiligida 371,5 mln soʻm kredit mablagʻlari oʻtkazib berilgan va maqsadsiz yoʻnaltirilgan

Foto: Teznews

Foto: Teznews

Kredit mablagʻlarini maqsadsiz yoʻnaltirgan hokim yordamchisiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Sirdaryo viloyatida oʻtkazilgan oʻrganishda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida ajratilgan imtiyozli kreditlarning maqsadsiz ishlatilayotganligi, taʼminotchi korxonalar tomonidan fuqarolarga yetkazib berilishi mumkin boʻlgan tovarlarni xarid qilmaganligi holatlari aniqlangan.

Xususan, Boyovut tumani hokimi yordamchisining taʼsischiligida uchta tadbirkorlik subyekti tashkil etilgan boʻlib, shundan “B.L.B.” MCHJga 12 holatda fuqarolarning 371,5 mln soʻm kredit mablagʻlari oʻtkazib berilgan va ushbu mablagʻlar maqsadsiz yoʻnaltirilgan.

Oʻrganish natijalari boʻyicha toʻplangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun Bosh prokuraturaga yuborildi va prokuratura tomonidan mazkur holat boʻyicha tergovga qadar tekshiruv oʻtkazildi.

Unga koʻra, Boyovut tumani hokim yordamchisi T.J.ga va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “v”, “g” bandlari(o'zlashtirish yo'li bilan talon-taroj qilish) va 209-moddasi 1-qismi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling