Energetika vazirligi bayram kunlari elektr uzilmasligi uchun choralar koʻrilayotganini ma'lum qildi

Agar, tarmoqlarda nosozlik holatlari yuzaga keladigan boʻlsa maxsus brigadalar tezkorlik bilan bartaraf etilishini taʼminlanadi

Foto: Teznews

Foto: Teznews

Energetika vazirligida tizimda faoliyat yuritayotgan barcha korxonalar rahbarlari ishtirokida bayram kunlari isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan choralar yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi.

Yigʻilishda Yangi yil bayrami kunlari isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash boʻyicha har bir korxonalarga zarur chora-tadbirlar belgilab berildi va unga asosan quyidagi ishlar amalga oshiriladi:

  • Birinchi navbatda, neft-gaz va koʻmirni qazib chiqarish, elektr energiyasi hamda neft mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish boʻyicha korxonalarda maxsus shtablar tashkil etildi;
  • Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalar va markazlar barqaror ishlashini taʼminlash uchun kuniga oʻrtacha 47-48 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib beriladi. Shuningdek, stansiyalar uchun 70 ming tonna mazut va 230 ming tonna koʻmir yoqilgʻisi zaxirasi yaratildi;
  • Hududlardagi barcha koʻmir omborlariga koʻmir mahsulotini uzluksiz yetkazib berilishi taʼminlanadi;
  • Bayram kunlari isteʼmolchilarga kuniga oʻrtacha 155 mln kub metr tabiiy gaz, 2 ming tonna suyultirilgan gaz, 5 ming tonna avtobenzin, 5 ming tonna koʻmir hamda 235 mln kVt-soat elektr energiyasi yetkazib berilishi taʼminlanadi.

Taʼkidlash kerakki, bayram kunlari, jumladan, yangi yil bayramida elektr energiyasiga boʻlgan talab sezilarli darajada pasayadi. Chunki taʼlim muassasalari va bir qator ishlab chiqarish korxonalari oʻz faoliyatini vaqtincha toʻxtadi. Shu munosabat bilan ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining asosiy qismi aholiga va ayrim ijtimoiy soha obyektlariga yoʻnaltiriladi.

Agar, tarmoqlarda nosozlik holatlari yuzaga keladigan boʻlsa, hududlar boʻylab elektr va gaz taʼminoti korxonalarida tunu kun ishlaydigan 1200 dan ortiq maxsuss brigadalar tashkil etilgan boʻlib, ular muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etilishini taʼminlaydilar.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling