Foto: Mirror
Arxeologlar Bolgariyadagi sobiq Rim harbiy lageridan haligacha oziq-ovqat qoldiqlari saqlanib qolgan qadimiy “muzlatgich”ni topdilar. Bu haqda "Mirror" nashri xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, keramika plitalaridan qurilgan obyekt Bolgariyaning Svishtov shahridan tahminan to'rt km sharqda joylashgan Novae arxeologik maydonidan topilgan.
Polshadagi Varshava universiteti mutaxassislarining ma'lum qilishicha, ushbu muzlatgichda hali ham hayvon suyaklari, idish-tovoq parchalari va pishirilgan go'sht qoldiqlari saqlanib qolgan.
Foto: Mirror
Varshava universitetining Janubi-sharqiy Yevropa antik davr tadqiqot markazi professori Piyotr Dychekning so'zlariga ko'ra, bu topilmaning qaysi asrga tegishli ekanligi hozircha noma'lum.
"Bunday muzlatgichlar juda kam uchraydi, chunki ular binolarni rekonstruksiya qilish jarayonlarida kamdan-kam omon qoladilar", — deydi Dychek.
Mutaxassislarning fikricha, muzlatgich ichidagi oziq-ovqatlarni pashshalardan himoya qilish uchun qarag'ay qatronidan tutatqi ishlatilgan bo'lishi mumkin.
Foto: Mirror
Ma'lum bo'lishicha, sovutgichdan tashqari arxeologlar tangalar kolleksiyasini topgan. Ularning aksariyati III asr o'rtalarida Buyuk Konstantin hukmronligining boshigacha bo'lgan davrga to'g'ri keladi.
Shuningdek, quern toshlari, to'quv anjomlari, baliq ovlash uskunalari, suyaklar va idish bo'laklari mavjud uy qoldiqlari topilgan.
Foto: Mirror
"O'sha paytda Novae asta-sekin fuqarolik shahriga aylanib borayotgan edi. Ushbu topilmalar tufayli biz ushbu qadimiy aholi punkti tarixining shu paytgacha sir bo'lib kelgan qismini qayta tiklash uchun yetarli ma'lumotlarga ega bo'lishimiz mumkin", — deydi professor Dychek.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling