Foto: Repost.uz
Oʻzbekiston hududlari boʻylab dam olish kunlari kuzatiladigan ob-havo maʼlumotlari maʼlum qilindi. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, 9-12-dekabr kunlari Oʻzbekiston hududi hali ham sovuq antitsiklon taʼsiri ostida boʻladi.
9-dekabr kuni respublika boʻyicha baʼzi joylarda qor yogʻadi, respublika janubida yomgʻir va qor koʻrishidagi yogʻingarchilik boʻladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida yogʻingarchilik kutilmaydi. Havo harorati 0...-5 daraja sovuq, shimolda va choʻl hududlarda -4...-9 daraja sovuq atrofida boʻladi, bu ushbu kunning iqlimiy qiymatlaridan 8-10 darajaga pastdir.
Dam olish kunlari respublikaning barcha hududlarida sovuq va quruq ob-havo boʻlishi kutilmoqda. Havo harorati kechalari -5...-10 daraja sovuq, kunduz kunlari 0...-5 daraja sovuq, shimolda va choʻl hududlarda kechalari -17...-22 daraja sovuq boʻlishi kutilmoqda.
10-dekabrda baʼzi joylarda -24 daraja sovuqgacha, kunduz kunlari -4...-9 daraja sovuq atrofida boʻlishi mumkin.
Respublikaning togʻli hududlarida havo oʻzgarib turadi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Baʼzi joylarga tuman tushadi. Yoʻllarda yaxmalak yuzaga keladi. Shamol shimoli-sharqdan 7-12 metr/sekund tezlikda esadi. Harorat 10-11-dekabrda kechasi -9...-14 daraja sovuq, kunduzi -4...-9 daraja sovuq, 12-13-dekabrda kechasi -6...-11 daraja sovuq, kunduzi -2...-7 daraja sovuq boʻladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling