Foto: Telegram
Ijtimioy tarmoqlarda nomaʼlum shaxs oʻzining boshqaruvidagi avtomashinada harbiy xizmatchini urib yuborgani aks etgan videolar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, fuqaro Cobalt mashinasini boshqarib borib, Toshtepa koʻchasida joylashgan harbiy qismga qarashli chegara qoʻriqlash postiga yaqinlashgan vaqtida ushbu chegara postida xizmat olib borayotgan muddatli xarbiy xizmatchisining toʻxtash haqidagi ishorasiga boʻysunmasdan, oʻtib ketgan.
Shundan soʻng, harbiy xizmatchi darhol ratsiya aloqa vositasi orqali oʻzidan 200 metr uzoqlikda xizmat vazifasini olib borayotgan boshqa harbiy xizmatchi oddiy askarga Cobalt avtomashinasi uning qonuniy talabiga boʻysunmasdan chegara postini buzib oʻtganligi haqida xabar bergan.
Shundan soʻng, oddiy askar ushbu transport vositasini toʻxtatish uchun unga toʻxtash ishorasini bergan. Ushbu vaqtda haydovchi chegara postida oʻz xizmat vazifasini bajarayotgan harbiy xizmatchiga qarab harakatlanib borib, mashinaning old qismi bilan uni qasddan urib yuborib, hodisa joyidan qochib yashiringan.
Oddiy askar olgan tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Mazkur holat boʻyicha haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va unga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling