Toshkent va Buxoro viloyatlarida iste'molga yaroqsiz jami 2,3 tonnadan ortiq go'sht sotilishining oldi olindi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda

Foto: Prokuratura Departamenti<br>

Foto: Prokuratura Departamenti

Toshkentning Zangiota va Buxoroning Jondor tumanlarida isteʼmolga yaroqsiz jami 2,3 tonnadan ziyod goʻsht mahsuloti sotilishining oldi olindi. Bu haqda Prokuratura Departamenti xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Zangiota tuman boʻlimi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazildi.

Tadbir davomida, fuqaro yashirin sex tashkil qilib, sanitariya qoidalariga zid ravishda turli xildagi goʻsht mahsulotlari tayyorlab sotish bilan shugʻullanib kelayotganligi aniqlangan.

Olib borilgan tekshiruv yakunida isteʼmolchilarning hayoti va sogʻligi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan jami 1,2 tonnadan ortiq goʻsht mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olingan.

Huddi shunday tekshiruv tadbirlari Jondor tumanida ham oʻtkazilgan. Oʻrganishlar natijasida “Jondor tuman EKO bozor” MCHJ hududida isteʼmolchilarning hayoti va sogʻligʻi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan 1 tonnadan ziyod goʻsht mahsulotlari sotuvga chiqarish uchun saqlab kelayotganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksning 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud oʻtkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling