Videodan lavha
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videomurojaat va ayni paytda vaqtincha Dehli shahrida bo‘lib turgan o'zbekistonlik ayollar yuzasidan O'zbekistonning Hindistondagi elchixonasi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma'lum bo'lishicha, 2022-yilning 28-avgust kuni fuqaro D.Mahmudova va uning hamrohligida jami 7 nafar O‘zbekiston fuqarosi O'zbekistonning Hindistondagi elchixonasining konsullik bo‘limiga Vatanga qaytarishda ko‘maklashishni so‘rab murojaat qilgan.
Elchixonaning ma'lum qilishicha, mazkur fuqarolarga tezkor ravishda barcha tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilgan. Xususan, ularning yashash joyi mavjud emasligi va moliyaviy og‘ir ahvolidan kelib chiqib, Dehli shahrida “Empowering Humanity” nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda boshpana bilan ta’minlashga erishilib, ularga uch mahal issiq ovqat berib kelinayotganligi aytilgan.
Murojaat qilgan fuqarolarning shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmaganligini inobatga olib, ularga O'zbekistonga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirilgan.
Qayd etilishicha, yuqorida qayd etilgan fuqarolar Hindiston huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan Hindiston hududiga noqonuniy yo‘llar bilan kirib kelganliklari va ushbu mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzganliklari aniqlangan. Shu bilan birgalikda, videomurojaat muallifi – D.Mahmudova va uning hamrohlari masalasida Hindiston huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan tegishli tergov va sud jarayonlari davom etayotganligi sababli ularning ushbu davlat hududidan chiqishiga vaqtinchalik cheklov qo‘yilgan.
"Ushbu huquqiy jarayonlar yakunlangach, yuqoridagi fuqarolarning tezkor ravishda O‘zbekistonga qaytarilishi ta’minlanadi", — deyiladi elchixona munosabatida.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling