Foto: Telegram
7-noyabr kuni soat 09:45 larda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida “Shahrisabz-Miraki” yoʻlining 1-kilometrida yoʻlovchi tashuvchi avtobus agʻdarilib ketgan. Bu haqda viloyat transport boshqarmasi xabar berdi.
Xabarga koʻra, ushbu yoʻl-transport hodisasi avtobus haydovchisining rul boshqaruvini yoʻqotishi natijasida yuzaga kelgan.
Hodisa oqibatida hech kim jarohat olmagani aytilmoqda.
Qashqadaryo viloyati transport boshqarmasiga koʻra, “Isuzu” rusumli avtobus Shahrisabz shahridan Shahrisabz tumanining Qutchi qishlogʻiga doimiy yoʻlovchi tashib kelgan. Ushbu transport vositasining yoʻlovchi tashish huquqini beruvchi litsenziya varaqasi mavjud.
Maʼlum boʻlishicha, yoʻl-transport hodisasi vaqtida avtobus salonida 10 dan ortiq yoʻlovchi boʻlgan, ularga jiddiy zarar yetmagan.
Holat boʻyicha huquq-tartibot organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling